FARG‘ONA VILOYATIDA ENERGIYA SAMARADORLIGI VA BARQARORLIGINI MUSTAHKAMLASH BORASIDAGI ISHLAR IZCHIL DAVOM ETMOQDA
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoqilg‘i-energetika sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida energiya samaradorligini oshirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslarini tejash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Belgilangan chora-tadbirlar doirasida energiya resurslaridan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarida energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, bugungi kunga qadar umumiy quvvati 29,5 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Shundan 2,3 MVt ijtimoiy soha obyektlariga, 16,4 MVt tadbirkorlik subyektlariga hamda 10,8 MVt aholi xonadonlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 35,1 ming litr hajmdagi geliokollektorlar o‘rnatilib, ularning 32,1 ming litri ijtimoiy soha obyektlariga, 1,7 ming litri tadbirkorlarga va 1,3 ming litri aholi xonadonlariga o‘rnatildi.
Viloyatning yillik elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 5 milliard 228,5 million kVt·soatni tashkil etadi. Joriy yil davomida 263,5 million kVt·soat elektr energiyasini iqtisod qilish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 186,2 million kVt·soat, ya’ni rejaning 71 foizi bajarildi. Davriy iqtisod rejasi esa 121 foiz bilan ado etildi.
2026-yilning yanvar–iyun oylarida elektr ta’minoti tizimi orqali 3 milliard 77,3 million kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Mazkur davrda texnologik yo‘qotishlar 500,5 million kVt·soat yoki 16,2 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamayishiga erishildi.
Elektr energiyasi hisobini yanada takomillashtirish maqsadida ASKUE tizimiga mos bo‘lmagan 9 589 ta elektr hisoblagichdan 628 tasi zamonaviy hisoblagichlarga almashtirildi. Qolgan hisoblagichlarni bosqichma-bosqich yangilash ishlari davom ettirilmoqda.
Elektr ta’minoti sifati va ishonchliligini oshirish maqsadida viloyatdagi 11 140 ta transformator punkti texnik holatiga ko‘ra toifalarga ajratilib, ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borildi. Shu kungacha 3 697 ta transformator punktida aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilib, ayniqsa yuqori xavf toifasidagi transformator punktlarini ta’mirlash ishlari jadallashtirildi.
Avariyaviy holatlarning oldini olish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida 119 ta avtotransport vositasi, 172 ta tezkor brigada hamda 888 nafar xodim doimiy shay holatga keltirilgan. Bundan tashqari, transformatorlar, transformator moyi, kabel tarmoqlari, ochiq simlar va boshqa zarur materiallar zaxirasi yaratildi.
Energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida prokuratura organlari tomonidan tizimli monitoring olib borilib, qonunchilik talablariga rioya etilishi ta’minlanmoqda. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ta’sir choralari ham ko‘rilgan.
Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli ishlar elektr ta’minoti barqarorligini yanada mustahkamlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda iste’molchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
M. Umaraliyev — Bosh prokuratura boshqarma prokurori
M. Abdurahimov — Farg‘ona viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori.