2024 yil 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024-2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda shu yilning 1 may sanasidan e’tiboran, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.
Joriy yilning 1 mayidan boshlab, elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhlariga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz – 1 kVt·soat uchun 1000 so‘m hamda 900 so‘mdan qolmoqda.
Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:
- oyiga 200 kVt·soatgacha – 225 so‘m;
- oyiga 201 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha – 450 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt·soatdan 5 000 kVt·soatgacha – 675 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt·soatdan 10 000 kVt·soatgacha – 787,5 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt·soat va undan yuqori – 900 so‘mdan etib belgilanmoqda.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:
- oyiga 200 kVt·soatgacha – 450 so‘m;
- oyiga 201 kVt·soatdan 1 000 kVt·soatgacha – 900 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt·soatdan 5 000 kVt·soatgacha – 1 350 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt·soatdan 10 000 kVt·soatgacha – 1 575 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt·soat va undan yuqori – 1 800 so‘mdan etib belgilanmoqda.
Iste’molchilarning IV guruhi uchun ham narxlar o‘zgarishsiz – 1 kVt·soat uchun 900 so‘mdan qolmoqda.
Aytish kerakki, qaror bilan 2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari ham belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, elektr energiyasi bir oylik bazaviy me’yori 200 kVt·soatni, tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil qilmoqda.